O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etish tartibi belgilandi

eʼlon qilindi
2025-yil 1-oktabrdan sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi
Poraxo‘r sudya
O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi. Foto: Vesti

Prezident farmoniga muvofiq Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi.

2025-yil 1-oktabrdan boshlab sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida o‘qitiladi. Kurslarga qabul qilingan shaxslar o‘qish davomida egallab turgan lavozimini saqlab qoladi hamda ularga har oyda sudya yordamchisining bir oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Qabul tanlov asosida amalga oshiriladi. Unda psixologiya, chet tillari, sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlari, yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbat nazarda tutiladi. Yakuniy attestatsiya imtihoni natijalariga ko‘ra, kursni tugatgan bitiruvchilar ariza bergan taqdirda bo‘sh sudyalik lavozimlariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘qish dasturini o‘zlashtirmagan, yakuniy attestatsiya imtihonidan o‘tolmagan, bo‘sh lavozimga uch yil ichida ariza topshirmagan yoki taklif qilingan lavozimni rad etgan bitiruvchilar olingan stipendiyani to‘liq qaytarib berishi belgilangan.

Akademiyada malaka oshirish tartibi

Farmonga ko‘ra:

  • besh yil muddatga tayinlangan sudyalar – har ikki yilda kamida ikki hafta, 10 yil muddatga tayinlangan sudyalar – har uch yilda kamida ikki hafta;
  • Oliy sud sudyalari, sud raislari va ularning o‘rinbosarlari hamda muddatdan tashqari tayinlangan sudyalar – har uch yilda kamida bir hafta;
  • faoliyati past ko‘rsatkichlarga ega sudyalar – navbatdan tashqari kamida ikki hafta;
  • sud apparati xodimlari esa har ikki yilda kamida bir hafta malaka oshirish kursida o‘qitiladi.

Amaldagi sudyalar uchun murakkab toifadagi ishlar bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi. Rahbarlik lavozimlariga, odatda, faqat rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan sudyalar tayinlanadi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Akademiyada «Sud faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura dasturi asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va odil sudlovni ta’minlashga oid yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishgandi.

Unda sudyalik lavozimining barqarorligi, mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish hamda Odil sudlov akademiyasini tashkil qilish masalalari muhokama etilgandi.

Shuningdek