O‘zbekistonga ikkinchi chorakda $4,8 mlrd xorijiy pul o‘tkazmalari amalga oshirildi

eʼlon qilindi
Boltiq davlatlaridan kelgan o‘tkazmalar 65,6 foizga oshdi
Foto: Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan

2025-yilning aprel–iyun oylarida Oʻzbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 21,4 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning shu yilning II choragi uchun tayyorlangan mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.

Shu vaqt davomida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga $4,8 mlrd pul yuborildi.

Pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi mehnat muhojirlari yashayotgan mamlakatlarda valyuta kurslarining barqarorlashuvi, ish haqining ko‘tarilishi va iqtisodiy faollikning yuqoriligi bilan bog‘liq.

Hududlar kesimida sezilarli tafovut kuzatildi. Boltiq davlatlaridan kelgan o‘tkazmalar 65,6 foizga oshdi. Yevropa va boshqa mintaqalarda ham yuqori o‘sish qayd etildi. Biroq Rossiya (23,7%), AQSh (10,3%) va Yevropa (26,9%)dan jo‘natilgan mablag‘lar o‘sish sur’ati sekinlashdi. Osiyodan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari esa barqaror saqlanmoqda.

Ish o‘rinlari taklifi keskin oshdi

Onlayn e’lonlar bo‘yicha II chorakda bo‘sh ish o‘rinlari I chorakka nisbatan 28,7 foizga ko‘paydi. Eng katta ulush chakana savdo (19,4%), umumiy ovqatlanish (17,5%) va ishlab chiqarish (16,8%) tarmoqlariga to‘g‘ri keldi.

Bu xizmatlar va ishlab chiqarishdagi bandlik drayver bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, onlayn ish qidirish faolligi so‘nggi yillarga qaraganda pasayish tendensiyasini saqladi.

Bandlik va demografiya: bosim kuchaymoqda

1-iyul holatiga ish bilan bandlar 14,6 mln nafar, ishsizlar 800 ming nafarni tashkil etdi. Mehnat bozoridan tashqarida 22,5 mln aholi bor, shundan 12 mln nafari hali mehnatga layoqatli yoshgacha (0–15 yosh).

15–64 yoshdagi aholining yillik o‘sish sur’ati 2022-yildagi 0,8 foizdan 2025-yil I choragida 1,4 foizgacha tezlashgan.

Ish haqi: o‘sish bor, lekin mintaqaga nisbatan sustroq

Yilning ikkinchi choragida ish haqining nominal o‘sishi 17,2%, real o‘sishi esa 7,3 foizni tashkil etdi. O‘rtacha oylik ish haqi 6 mln so‘m bo‘ldi.

Eng yuqori ish haqi moliya va sug‘urta (16,3 mln so‘m), axborot va kommunikatsiya (14,8 mln so‘m) sohalarida qayd etildi. Eng past o‘sish qurilishda kuzatilib, real qiymatda ish haqi 2,8% ga kamaydi.

Mintaqaviy taqqoslashda O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi 7,2% bo‘lsa, Markaziy Osiyoda o‘rtacha 9,8 foizni tashkil etdi.

Minimal ish haqi 91 dollar bo‘lib, Belarus (243 $), Ozarbayjon (235 $) va Mongoliyadan (222 $) ancha past.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank tomonidan 3 mingdan ortiq respondentдфк ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovlar narijasi haqida yozgandi.

Shuningdek