
Toshkent shahrida 2025-yil oxirigacha tungi avtobuslar qatnovi boshlanadi. Birinchi yo‘nalish (T1) Qo‘yliq dehqon bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi bo‘ylab harakatlanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur avtobuslar tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha qatnaydi. Ular aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, yirik bozorlar, savdo markazlari va turizm ko‘chalari orqali yuradi.
Avtobuslar qizil rangda bo‘lib, chiptalar narxi kunduzgi qatnovlar bilan bir xil: QR-kod orqali 3000 so‘m, elektron to‘lovlarda 1700 so‘m.
Yo‘nalishlar ikki bosqichda ochiladi. 1-bosqich (136 km, 31 ta avtobus):
- T1: Qo‘yliq bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi;
- T2: Qipchoq ko‘chasi — O‘zgarish metrosi;
- T3: Chilonzor buyum bozori — Gulxaniy ko‘chasi;
- T4: Mahalliy aeroport (Terminal 3) — Chorsu savdo markazi;
- T5: Shifobaxsh suvlar ko‘chasi — Chorsu ASHB;
- T6: Yunusobod 6-daha — Yunusobod 17-daha;
- T8: Toshkent vokzali ASHB — Shofayz mahallasi.

2-bosqich (98 km, 23 ta avtobus):
- T9: G‘ishtko‘prik chegara posti — Amir Temur xiyoboni;
- T10: TTZ ASHB — Amir Temur xiyoboni;
- T11: Food city majmuasi — Amir Temur xiyoboni;
- T12: Qipchoq metro bekati — Amir Temur xiyoboni;
- T13: Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi;
- T14: Nazarbek mahallasi — Chorsu ASHB;
- T15: Keles shaharchasi — Chorsu ASHB.

Loyihaga jami 33,3 mlrd so‘m sarflanishi kutilmoqda. Mutasaddilarga ko‘ra, tungi avtobuslar yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratib, shahar turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan avval Toshkentdagi 19 ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgargandi.