Yangiliklar

«Uzum sayli»ga 500 ming nafardan ortiq mehmon tashrif buyurdi

2024-yilda Toshkent viloyatiga 460 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurgan
Foto: Murod Romanov / Kursiv Uzbekistan

Toshkent viloyatining Parkent tumanida o‘tkazilgan an’anaviy «Uzum sayli» festivaliga bu yil 500 mingdan ortiq mehmon tashrif buyurdi.

Festival davomida qishloq xo‘jaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro kompaniyalari ko‘rgazmalari, konferensiyalar va turli anjumanlar tashkil etildi.

Madaniy qismda folklor jamoalari va estrada san’atkorlari chiqishlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va kiyimlar ko‘rgazmalari mehmonlarga taqdim etildi. Xususan, xorijiy sayyohlar milliy taomlarga alohida qiziqish bildirdi.

Foto: Murod Romanov / Kursiv Uzbekistan

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Toshkent viloyatida jami 1 295 ta turistik maskan faoliyat yuritmoqda. Ular tarkibiga 51 ta mehmonxona, 76 ta dam olish zonasi, 1 015 ta oilaviy mehmon uyi, 109 ta xostel hamda 44 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish maskani kiradi.

Shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan 172 ta turistik korxona faoliyat olib bormoqda.

Sayyohlar oqimi

2024-yilda Toshkent viloyatiga 460 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilgi «Uzum sayli»da bu ko‘rsatkich 500 ming nafardan oshdi.

Festival mehmonlarini joylashtirish uchun tumanda 100 dan ortiq turarjoy maskanlari tayyorlab qo‘yilgan, jumladan, 4 ta mehmonxona va dam olish maskani, 4 ta xostel, 3 ta sanatoriy va 94 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Uzum sayli 2025» qanday boshlangani haqida xabar bergan edi.