Avto

Xiaomi SU7 Ultra Nürburgring Limited Edition 2025 avtomobili taqdim etiladi

29-avgust kuni
Nürburgring Limited Edition
Xiaomi SU7 Ultra Nürburgring Limited Edition 2025 taqdim etiladi / Foto: ITHome

29-avgust kuni Chengdu avtosalonida Xiaomi SU7 Ultra Nürburgring Limited Edition 2025 avtomobili ilk bor omma oldida namoyish qilinadi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Modelning narxi 814,900 yuan ($113600) etib belgilangan. Nürburgring Limited Edition Xiaomi SU7 Ultra bazasida ishlab chiqilgan bo‘lib, trassaga mos maxsus paket bilan jihozlangan. Modelga karbon tolali ikki kanalli kapot, aerodinamik himoya, orqa g‘ildirak qoplamalari va yirik karbon tolali spoiler o‘rnatilgan. Bu elementlar yuqori tezlikda mashinaning orqa qismini bosib turuvchi kuchni oshiradi.

Ichki qismda Sparco Competition h-2 karbon tolali sport o‘rindiqlari hamda olti nuqtali xavfsizlik kamarlaridan foydalanilgan. Orqa o‘rindiqlar butunlay olib tashlangan va ularning o‘rniga yarim po‘latli xavfsizlik karkasi (roll cage) o‘rnatilgan.

Mazkur model 2025-yilda 10 dona ishlab chiqariladi. Umuman olganda, bu model faqat 100 dona bilan cheklangan. Avtomobil SU7 Ultra bilan bir xil kuch qurilmasiga ega: ikkita V8s elektromotor (578 ot kuchi) va bitta V6s elektromotor (392 ot kuchi). Umumiy tizim quvvati 1548 ot kuchini tashkil etadi.

  • 0–100 km/soat tezlanish: 1,98 soniya;
  • Maksimal tezlik: 350 km/soat.

Mashina CATL Kirin II maxsus trek batareyasi bilan jihozlangan bo‘lib, 897 voltlik cho‘qqi kuchlanish va 5.2C tezkor quvvat olish imkoniyatiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 Ultra Yevropada sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi.