Yangiliklar

Yandex Uzbekistan taksi biznesi uchun motivatsion dasturni ishga tushirdi

Har bir servisga ulangan avtomobil uchun yiliga 35 million so‘mgacha bonus beriladi
Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex Uzbekistan taksi sohasida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun maxsus motivatsion dasturini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga xabar berdi.

Unga ko‘ra, dastur shartlarini bajargan hamkorlar har bir servisga ulangan avtomobil uchun yiliga 35 million so‘mgacha bonus olish imkoniga ega bo‘ladi.

«Bu loyiha – biz uchun yangi hamkorlarni jalb qilish va xizmatga ulangan avtoparkni doimiy yangilab borish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, Yandex Taxi xizmatlarining sifati yuqori bo‘lishi va ularga talab barqaror bo‘lishini ta’minlaydi», — dedi Yandex Taxi rahbari Timur Aliyev.

Motivatsion dasturda qatnashish uchun hamkorlar shu yilning 30-sentabrigacha kamida 10 ta O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil sotib olishi, ularni Yandex Taxi servisiga ulashi va transport vositalarini doimiy qatnovda ishlatishi kerak. Har bir yangi avtomobil uchun bonuslar yil davomida taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Yandex Uzbekistan hamkorlarga biznesni rivojlantirishda bir qator qo‘llab-quvvatlash choralarini ham taklif etmoqda. Ularga jarayonlarni avtomatlashtirish tizimi, haydovchilarni o‘qitish, menejerlar uchun vebinarlar, shuningdek, avtotransport xaridiga chegirmalar kiradi. Yaqin kelajakda kompaniya maxsus lizing shartlarini ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Arizalarni topshirish muddati shu yilning 19-sentabrigacha davom etadi. Dasturda ishtirokchilar soni cheklangan. Batafsil ma’lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex SI mutaxassislari uchun bepul maktabga qabulni boshlagani haqida yozgandi.