Gadjetlar

Apple bukiladigan iPhone’da Face ID o‘rniga Touch ID qo‘llaydi

Smartfonda jami to‘rtta kamera bo‘ladi
Apple
Foto: MacRumors

Apple’ning birinchi bukiladigan iPhone modeli Face ID o‘rniga Touch ID bilan ta’minlanadi. Bu haqda Macrumors xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, smartfonda jami to‘rtta kamera bo‘ladi. U bitta old kamera, bitta ichki kamera va ikkita asosiy kameradan iborat bo‘lishi kutilmoqda.

Hozirgi iPad Air, iPad mini va boshlang‘ich iPad modellari Touch ID bilan jihozlangan. Ekspertlar fikricha, bu funksional imkoniyat endi bukiladigan iPhone’da ham qo‘llanadi. Qurilma Apple C2 ikkinchi avlod modemidan foydalanadi, ammo unda SIM-karta sloti bo‘lmaydi. Shuningdek, Apple hozircha uni qora va oq ranglarda sinovdan o‘tkazmoqda.

Smartfonning dizayni kitob ko‘rinishiga o‘xshash bo‘ladi. U ochilganda katta ichki displey foydalanuvchiga taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Apple ta’minot zanjiri bo‘yicha tahlilchi Ming-Chi Kuo ham bukiladigan iPhone haqida fikr bildirib, unda 5,5 dyuymli tashqi ekran va 7,8 dyuymli ichki ekran bo‘lishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Apple Hindistonda iPhone ishlab chiqarishni kengaytirayotgani haqida yozgan edi.