
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi avtomobil bozoridagi tartiblarni tubdan yangilash bo‘yicha qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, ilgari ishlatilgan avtomobillarni yangisiga yoki yuqori toifadagisiga almashtirish mexanizmlari – trade-in va trade-up qonuniy kuchga kirdi. Xaridor eski mashinasini topshirib, narx farqini to‘lash orqali yangisini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu jarayon endi distribyutor va dilerlar orqali rasmiy shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Avtomobillarni texnik identifikatsiya qilish majburiy bo‘ldi. Agregat raqamlari va boshqa parametrlar YHXX bazasiga mosligi tekshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin avtomobil bilan vaqtincha yurishga ruxsat beruvchi 10 kunlik ma’lumotnoma joriy qilindi. Muhimi, avtomobilni ko‘zdan kechirish (identifikatsiya) uchun endi hech qanday to‘lov undirilmaydi.
Notarial tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish ham elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Elektron hisob-ma’lumot va reyestrga kiritish tizimi joriy etiladi. Agar xaridor nikohda bo‘lsa, Oila kodeksi talablari asosida turmush o‘rtog‘ining roziligi ham talab etiladi.
Barcha hujjatlar standart va elektron tartibda rasmiylashtiriladi. Bu esa xaridorning mashinani tezroq va rasmiy tartibda almashtira olishiga yordam beradi. Qo‘shimcha tekshiruv uchun to‘lov olinmagani esa xarajatlarni kamaytiradi. Firibgarlik xavfi pasayadi va shaffoflik oshadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yetti oyda 83 mingdan ortiq Chevrolet Cobalt ishlab chiqarilgani haqida yozgan edik.