
Raqobat qo‘mitasiga fuqaro tomonidan yangi olingan Onix avtomobilining kamchiligi sabab uni yangisiga almashtirish va avtomashina bilan bog‘liq 10,5 mln so‘m xarajat pullarini qaytarib olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilingan.
Dastlab fuqaro Asacar avtosalonidan Onix Premier rusumli avtomobilni 221,64 million so‘m narxda, 50 foiz boshlang‘ich to‘lov asosida xarid qilgan.
Uning murojaatida keltirilishicha, avtomobilga gaz ballonini o‘rnatish uchun servis tekshiruviga olib borilganida, ustki qismida bo‘yalgan joylar aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan iste’molchi avtosalon rahbariyatiga murojaat qilgan, biroq unga avtomobilni yangisiga almashtirib berish rad etilgan.
Shundan so‘ng fuqaro Raqobat qo‘mitasidan avtomobilni yangisiga almashtirish va u bilan bog‘liq 10,5 million so‘m xarajatlarni qaytarishda amaliy yordam so‘radi.
Qo‘mita «UzAuto Motors» AJ bilan hamkorlikda murojaatni o‘rganib chiqdi. Natijada «Toshkentdeu» (Asacar Autosentr diler) MChJ tomonidan iste’molchiga yangi avtomobil yetkazib berildi. Shuningdek, avtomobil bilan bog‘liq 10,5 million so‘mlik xarajatlar to‘liq qoplab berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Chevrolet Onix Hyundai platformasida ishlab chiqilishi haqida yozgandi.