Yangiliklar

Ilon Maskning xAI kompaniyasi Apple va OpenAI’ni sudga berdi

OpenAI ayblovlarni rad etdi, Apple esa holatga izoh bermadi
Ilon Maskning xAI kompaniyasi Apple va OpenAI’ni sudga berdi / Foto: Gonzalo Fuentes/Reuters

Ilon Mask asos solgan xAI startapi AQShning Texas shtatida Apple va OpenAIga qarshi sud da’vosi kiritdi. Bu haqda haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Kompaniya ularni sun’iy intellekt bozorida raqobatni cheklash, monopoliyani mustahkamlash hamda raqiblarni chetga surishda ayblamoqda. Da’vo arizasida milliardlab dollar miqdorida tovon undirish ham talab qilingan.

xAI’ning bildirishicha, Apple OpenAI bilan tuzgan eksklyuziv kelishuv orqali ChatGPTni iPhone, iPad va Mac tizimlariga chuqur integratsiya qilgan. Natijada, Maskning X va Grok ilovalari App Store’da yuqori o‘rinlardan joy ololmayapti. Mask ijtimoiy tarmog‘i X’da yozganidek, «Grok millionlab foydalanuvchi bahosiga ega bo‘lsa-da, Apple uni ro‘yxatlarda umuman ko‘rsatmayapti».

OpenAI bu ayblovlarni rad etib, da’voni «Maskning muntazam bosimi va ta’qibi» deb atadi. Apple esa izoh berishdan bosh tortdi. Mutaxassislar fikricha, mazkur ish nafaqat yirik kompaniyalar o‘rtasidagi qarama-qarshilik, balki butun sun’iy intellekt bozorida raqobat qoidalarini qayta belgilashi mumkin.

Shu tariqa, xAI va Apple-OpenAI o‘rtasidagi sud jarayoni kelgusida AI sohasidagi eng muhim antimonopoliya ishlaridan biriga aylanishi ehtimol qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask Starship parvozlari bo‘yicha yangi rejalarini e’lon qilgan edi.