Yangiliklar

Iyul oyida banklardagi NPL miqdori 0,3 foizga oshdi

Jami kreditlardagi NPL ulushi ham 3,9 foizga oshdi
NPL
Foto: DmitriySk / depositphotos.com

1-avgust holatiga ko‘ra, banklardagi muammoli kreditlar umumiy miqdori 22,6 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1-iyul bilan solishtirilganda 0,3 foizga, ya’ni 684 mlrd so‘mga oshgan. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 21,8 trln so‘mni tashkil etgandi.

Jami kreditlardagi NPL ulushi ham 3,9 foizga oshdi. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 3,8 foizni tashkil qilgan. Iyul oyida banklarning kredit portfeli 576,2 trln so‘mni tashkil qilgan. Iyun oyiga nisbatan 1 trln so‘mga oshgan.

Davlat ulushi mavjud banklar

Muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklarga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning jami qarzi 15,6 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan. Bu iyun oyiga nisbatan 0,4 foizga yuqorilagan.

Davlat banklari orasida qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi eng yuqori bank sifatida iyul oyida ham «O‘zmilliybank» 3,7 trln so‘m bilan yetakchilik qilgan. Bankning jami kreditlardagi NPL ulushi ham 2,9 foizdan 3,6 foizga oshgan.

Shuningdek, «Agrobank»da 2,7 trln so‘m (NPL 3,7%), «O‘zsanoatqurilishbank»da 2,4 trln so‘m (3,6%), «Asaka bank»da 1,9 trln so‘m (4,8%) va Xalq bankida 1,1 trln so‘mga (3,9%) yetgan.

Xususiy banklar

Xususiy banklarda kredit portfeli 2,7 trln so‘mga oshib, 183,8 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, NPL miqdori esa 6,9 trln so‘mligicha qolgan. Kredit portfelidagi umumiy ulush 3,8 foizga kamaygan.

Muammoli kreditlar ko‘rsatkichi yuqori banklar qatorida «Ipoteka-bank» 2,3 trln so‘m (portfeldagi ulushi 6,5%) so‘m bilan yetakchi o‘rinda turibdi.

Xususiy banklarda kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori banklar esa quyidagilar:

  • «Garant bank» – 14,7% (muammoli kreditlar 158 mlrd so‘m);
  • «AVO bank» – 9,8% (58 mlrd so‘m);
  • «Yangi bank» – 9,8%(11 mlrd so‘m).

Ma’lumot uchun, muammoli kredit (NPL) deb to‘lov muddati 90 kundan oshgan va qaytarilmayotgan kreditlarga aytiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida banklardagi muammoli kreditlar 1,65 trillion so‘mga kamaygani haqida yozgandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda bank sektori 2025-yilning birinchi yarim yilida qanday raqamlar bilan esda qolgani haqida ham xabar berilgandi.