Yangiliklar

Kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun vaucher berish tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan
imtihon
Kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun vaucher berish tartibi tasdiqlandi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Hukumat qarori bilan «Kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun vaucher berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari yoki rasmiy daromadga ega bo‘lmagan ish qidirayotgan shaxslarning kasb va xorijiy tillarga o‘qish xarajatlari vaucher asosida qoplab beriladi.

Bunda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ecosys.mehnat.uz tizimida vaucher asosida o‘qitadigan ta’lim tashkilotlarining elektron reyestri yuritiladi.

Shuningdek, talabgor vaucher olish uchun vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlariga, mahallalardagi hokim yordamchilari orqali yoki ecosys.mehnat.uz tizimi orqali ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, talabgor avvalo tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan bir kun ichida uning mutaxassisligiga mos bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtiriladi. Agar fuqaroning mutaxassisligi bo‘lmasa yoki taklif etilgan ish o‘rni mos kelmasa, vaucher berish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Talabgor ecosys.mehnat.uz tizimida skoringdan o‘tkaziladi. Agar u belgilangan toifalardan biriga kirsa, vaucher olish huquqiga ega bo‘ladi.

Vaucher uch oy ichida ishlatilishi kerak. U orqali fuqarolar kasb va xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lib, bir marta bepul o‘qish huquqi beriladi.

Bundan avval 2025-yil 1-noyabrdan boshlab malakasini oshirish yoki yangi kasb o‘rganmoqchi bo‘lgan shaxslarga «kasb vaucheri» berish tartibi joriy etilgandi.

Bu vaucher qo‘shimcha ta’lim olish uchun ssuda shaklida ajratiladi. O‘quvchi o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashgandan so‘ng ssuda mablag‘ini ikki yil ichida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.