Migratsiya agentligining ikki nafar xodimiga nisbatan jinoyiy ish qoʻzgʻatildi

Namanganda Migratsiya agentligining ikki nafar xodimi fuqarolarni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, pora olgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Migratsiya agentligi Namangan viloyati filialining bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalanib, aldov yoʻli bilan fuqarolarning ishonchiga kirgan. Ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga $41 ming olgani aniqlandi va qoʻlga olindi.
Shuningdek, tekshiruv jarayonida ushbu noqonuniy faoliyatni u Migratsiya agentligi markaziy apparati bosh mutaxassisi bilan birga amalga oshirgani ochiqlangan. Tezkor tadbir davomida markaziy apparat xodimi ham $15 mingni olayotganda jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu xodimlar 2024-yilda 80 nafardan ortiq fuqaroni Koreyaga yuborish bahonasida $700 mingdan ortiq mablagʻ olgan va fuqarolarni hanuz sarson qilib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
Bundan oldin Toshkentda o‘zlariniki bo‘lmagan 50 sotix yerni to‘rt million dollarga sotmoqchi bo‘lganlar qamoqqa olingandi.
Xususan, poytaxtda qurilish obyektlarini loyihalash bilan shug‘ullanuvchi MChJning ofis menejeri va maklerlik bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro tadbirkorni aldagan. Ular o‘zlariga tegishli bo‘lmagan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50 sotix yer maydonini to‘rt million dollar evaziga sotmoqchi bo‘lib, avans sifatida $100 ming olgan. Hozirda ular ustidan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.