Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaning «An-Nahda» ordeni bilan taqdirlandi

Iordaniya Podshohining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaning oliy mukofoti «An-Nahda» (Renessans) ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofotni davlat rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulloh II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi.

«Ushbu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratib borayotgan O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilaman», — dedi Mirziyoyev.
Podshoh Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va samarali muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda Iordaniya podshohi Abdulla II rasmiy kutib olingani haqida yozgandi.