
Iordaniya Podshohining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaning oliy mukofoti «An-Nahda» (Renessans) ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofotni davlat rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulloh II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi.

«Ushbu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratib borayotgan O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilaman», dedi Mirziyoyev.
Podshoh Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va samarali muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda Iordaniya podshohi Abdulla II rasmiy kutib olingani haqida yozgandi.