Sport

Sport maktabi bitiruvchilariga diplom va murabbiylik malaka sertifikati beriladi

Sport maktablari 5–11-sinflarda turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berishi belgilandi
Sport musobaqalari
Foto: Shutterstock

O‘zbekistondagi sport maktablarining 11-sinf bitiruvchilariga sport turi bo‘yicha diplom va murabbiylik faoliyatini yuritish huquqini beruvchi malaka sertifikati beriladi. Bu haqda Hukumat qarori asosida nizom tasdiqlandi.

Shuningdek, nizomda sport maktablari 5–11-sinflarda turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berishi belgilandi. Gimnastika maktablarida esa ehtiyojdan kelib chiqib, 7–11 yoshli bolalarni 1–4-sinflarga ham qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Ta’lim jarayoni kichik sinflarda, ya’ni 12–24 nafar o‘quvchi- sportchi qatnashadigan guruhlarda olib boriladi. Sportchilar mahoratini oshirish uchun qishki ta’til davrida 15 kunlik, yozgi ta’til davrida esa 45 kunlik maxsus o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, sport maktablarining 9-sinfini tugatganlarga davlat namunasi shahodatnomasi, 11-sinfni bitirganlarga esa sport turi bo‘yicha diplom va murabbiylik faoliyatini yuritish huquqini beruvchi malaka sertifikati topshiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida yangi futbol markazi ochilgani haqida yozgandi. Unda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi uchun stadionlar, sport zallari, o‘quv binolari, mehmonxona, futzal maneji, plyaj futboli maydoni va reabilitatsiya bo‘limi barpo etildi.

Shuningdek, Toshkentda qiymati 290 million dollarlik Olimpiya shaharchasi ochilgandi.

Shaharchada 5 ta yirik sport majmuasi, 12 ming o‘rinli stadion, xalqaro talablarga javob beruvchi velodrom va suv sporti saroyi mavjud.