SSV soxta kosmetologlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

So‘nggi paytlarda kosmetologiya xizmatlari salbiy oqibatlarga olib kelayotgani haqida murojaatlar soni ortib bormoqda. Yuzidagi nuqsonlarni bartaraf etish niyatida kosmetologga murojaat qilgan ayollar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z e’tirozlarini bildirmoqda.
O‘rganishlarga ko‘ra, litsenziyaga ega tashkilotlarda salbiy holatlar uchramagan. Aksariyat murojaatlar litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan shaxslar sababli yuzaga kelmoqda.
O‘zbekistonda hozirda 147 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti kosmetologiya bo‘yicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olgan. Shundan eng ko‘pi Toshkent shahrida bo‘lib, ular soni 94 tani tashkil etadi. Ammo oddiy go‘zallik salonlari va tibbiyot maqomiga ega bo‘lmagan muassasalar ham bu xizmatlarni taklif qilayotgani sababli umumiy ko‘rsatkich yanada ortmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug‘bek Sabirovning so‘zlariga ko‘ra, go‘zallik salonlarida yoki tibbiy maqomga ega bo‘lmagan markazlarda mutaxassis bo‘lmagan shaxslar tomonidan kosmetologiya bilan shug‘ullanish muammo manbai hisoblanadi. Ularning faoliyati Sog‘liqni saqlash organlari tomonidan nazorat qilinmaydi.
Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi» to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilgan bo‘lib, unda davlat muassasalari va shifokor-kosmetologlarga qo‘yiladigan talablar belgilangan.
Bundan tashqari, vazirlik fuqarolarni kosmetologiya xizmatidan foydalanishda faqat davlat tibbiyot muassasalari yoki litsenziya olgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qilishga chaqirdi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi yangilanishi haqida yozgandi.