Toshkent aeroportida taksi xizmatini tashkil etish bo‘yicha lotlar auksionga qo‘yildi

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida beshta taksi xizmatiga avtoturargohlar tayyorlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports kompaniyasi ma’lum qildi.
Bu xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun kompaniya elektron auksion orqali bir nechta lotlarni savdoga chiqardi. Har bir nuqtaning maydoni 3 kvadrat metrni tashkil etadi. Auksion shartlariga ko‘ra, kvadrat metri uchun boshlang‘ich ijaraning qiymati 1 million so‘m (QQSsiz) etib belgilangan.
«Biz poytaxt aholisi va mehmonlari transport tanlashda qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun shaffof va qulay taksi tizimini yaratishga intilamiz. Yangi taksi operatorlari jarayonni soddalashtirishga, noqonuniy tashishlarni minimallashtirishga va yo‘lovchilarga yagona qoidalar bo‘yicha yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni kafolatlashga yordam beradi. Bu nafaqat mijozlar uchun qulaylik sari qadam, balki aeroport va shahar ijobiy imijini yaratishda muhim omildir», — deya izoh berdi kompaniya matbuot xizmati.
Lotlar bo‘yicha batafsil ma’lumotni E-auksion rasmiy saytida ko‘rish mumkin. Auksion savdolari 3-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro aeroportida yong‘in robotlari o‘rnatilgani haqida yozgandi.