
Toshkentda ikki boshqaruv kompaniyasi 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar berdi.
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi ko‘p qavatli uylarning elektr qurilmalari boshqaruv servis kompaniya tomonidan hisoblagichdan chetlab ulanganligi aniqlandi. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 1,6 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani hisoblab chiqildi.
Bundan tashqari, o‘tgan haftada Uchtepada ham shunday holat aniqlangan. Bu yerda ham boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan lift va yo‘laklaridagi elektr qurilmalari hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulangan. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 444 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma‘lum bo‘ldi.
Har ikkala holat bo‘yicha ham hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda Toshkent elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun ikki trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilgandi. Shuningdek, tashqi infratuzilmani o‘z hisobidan qilayotgan tadbirkorlarning xarajatlari foyda solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi.
Bundan oldin Namangan va Farg‘onada jami 460,5 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani haqida ham xabar berilgan edi.