
1-iyundan Xitoyga vizasiz rejim joriy qilinganidan so‘ng ushbu mamlakatga o‘zbekistonlik sayyohlar soni oshdi. Bu haqidagi ma’lumotlarni Aviasales.uz «Kursiv»ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida Xitoyga bronlar soni 66 foizga ko‘paydi, aviabilet narxlari esa 44 foizga tushdi.
Eng mashhur yo‘nalishlardan biri Guanchjou bo‘lib, barcha bronlarning uchdan biri shu shaharga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yo‘nalish bo‘yicha parvoz narxi deyarli ikki baravarga kamaygan.
Pekinga safarlar 76 foizga oshgan, narxlar esa 39 foizga arzonlashgan. Sayohatchilar bu shaharda o‘rtacha 8 kun qolmoqda. Xanchjouga bronlar 82 foizga ko‘paygan, Shanxay esa asosan biznes-reyslar uchun tanlanmoqda.
Oilaviy sayohatlar uchun Pekin va Shanxay bilan birga, tropik iqlimga ega Sanya shahri ham katta talabga ega bo‘layotgani kuzatilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonliklar to‘rt yil oldin 40 ming so‘mga xorijga parvoz qilgani haqida yozgandi.