
Chengdu avtosalonida BYD kompaniyasi yangi BYD Leopard Titanium 7 modelini namoyish qildi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Avtomobilning narxi $35 mingdan $42 minggacha bo‘lishi kutilmoqda. Jamoatchilikka rasmiy taqdimot 29-avgust kuni o‘tkaziladi, savdolar esa sentabrda boshlanadi.
Modelning o‘lchamlari 4999×1995×1865 mm. G‘ildirak bazasi 2920 mmni tashkil etadi. Kirish burchagi 24, chiqish burchagi esa 25 darajaga teng. Eng yuqori komplektatsiyada DJI kompaniyasining Lingyuan dron tizimi mavjud bo‘lib, u 25 km/soat tezlikda uchish va qo‘nishni, shuningdek, suratga olish va to‘siqlardan qochishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Titanium 7, shuningdek, Eye of God B (DiPilot300) haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. Salon ikki qavatli markaziy konsol, to‘rt spikali rul va katta displeyga ega. Ichki makon umumiy uzunlikning 70,9 foizini tashkil etadi, bagaj hajmi esa o‘rindiqlar bukilganda 1880 litrgacha yetadi.
Avtomobil gibrid tizim asosida ishlaydi: 1,5 litrli turbomotor (115 kVt) va elektromotor (200 kVt) birlashtirilgan. Standart versiya orqa g‘ildirakdan tortuvchi, to‘liq privodli varianti esa kattaroq akkumulyator bilan ta’minlanadi va elektrda yurish masofasi 180 kmgacha (CLTC) yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Qozog‘istonda yangi BYD Sealion 7 krossoverini taqdim etgani haqida yozgan edi.