Yangiliklar

Daniya Falastinni tan olish borasida o‘z shartini bildirdi

Unga ko‘ra, mamlakat faqat Falastin demokratik davlat shaklida tashkil topgandagina qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi
Daniya Falastinni davlat sifatida tan olishi mumkin / Foto: Aa.az

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Falastin davlatini tan olish ehtimolini inkor etmadi. Bu haqda «Ria Novosti» ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mamlakat faqat Falastin demokratik davlat shaklida tashkil topgandagina qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

«Biz Falastinni davlat sifatida tan olishga yo‘q demaymiz. Biz bunga tarafdormiz. Ammo u demokratik davlat bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz kerak», dedi Frederiksen Reuters’ga bergan izohida.

16-avgust kuni Frederiksen Daniya hali Falastinni tan olishga tayyor emasligini, chunki G‘azo sektorining katta qismi Hamas nazorati ostida ekanini bildirgan edi.

Bugungi kunda Falastinni 147 davlat tan olgan. 2024-yilda AQSh Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligiga veto qo‘ygandi. O‘sha yildan buyon Irlandiya, Norvegiya, Ispaniya va Armaniston kabi o‘n davlat Falastinni rasman tan oldi.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliyaning sentabr oyida Falastin davlatini tan olishi haqida yozgan edik.