Iordaniya O‘zbekiston dronlariga qiziqish bildirdi

Fuqaroviy va harbiy dronlar ishlab chiqaruvchi Sahro Drone Industry kompaniyasi mahsulotlariga Iordaniyada qiziqish ortgani haqida xabar berdi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Olmosxon Niyozxonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqandga tashrif chog‘ida Iordaniya qiroli Abdalla II ibn al-Husayn korxona mahsulotlariga qiziqish bildirgan.
Kompaniya hozirda mini-dronlar, kamerali FPV-modellar, razvedka uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz apparatlar hamda ikki yo‘nalishda foydalaniladigan qurilmalarni ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish jarayonining qariyb 80 foizi O‘zbekistonda to‘liq mahalliylashtirilgan.
Avvalroq Iordaniyadan kelgan delegatsiya korxona zavodiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishgan. Niyozxonovning ta’kidlashicha, xorijiy mutaxassislar mahalliylashtirish darajasidan hayratda qolgan.
Namoyishdan so‘ng tomonlar batafsil muzokaralar boshlash va kelgusida hamkorlik bo‘yicha kelishuv tayyorlashga kelishib olgan.
Ma’lumot uchun, Sahro Drone Industry (Sahro DI) 2025-yil may oyida Toshkent viloyati Qibray tumanining «Zafarobod» mahallasida tashkil etilgan. Korxonaning ustav kapitali 10 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Ulushlarning 90 foizi Top-IT kompaniyasiga, qolgan 10 foizi esa MS-Investmentsga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzolangani haqida yozgan edik.