
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida Aydar-Arnasoy yangi ekoturizm maskani barpo etilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Maskan tarkibida ekologik mehmon uylari, velosiped va piyoda yo‘laklari, shuningdek, tabiatni asrashga xizmat qiluvchi axborot markazi quriladi.




Qurilish ishlariga 60 dan ortiq texnika va 190 nafardan ziyod ishchilar jalb etilgan.
Ushbu maskan joriy yilning noyabrida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari hamda chiqindilarni saralash punktlari kabi ekologik infratuzilmalar ham o‘rnatiladi.




Joriy yilning iyul oyida prezident topshirig‘i bilan «Aydar – Arnasoy» ko‘llari bo‘yida zamonaviy turizm markazi barpo etilishi rejalashtirilgandi.
Mazkur hudud mamlakatdagi eng yirik suv-botqoq ekotizimlaridan biri bo‘lib, ko‘plab baliq va qush turlari yashash joyi hisoblanadi.
Shuningdek, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida ham 900 milliard so‘mlik «Sangardak» turistik markazi qurilmoqda. Loyiha 615 gektar maydonni qamrab olib, unda 21 ta restoran, kafe va barlar, 296 ta savdo nuqtasi, 4 ta 3 yulduzli va 2 ta 5 yulduzli mehmonxonalar, 10 ta mehmon uylari, sanatoriy va madaniy hordiq maskani hamda 1,6 km dor yo‘li, zip-line va piknik hududlari tashkil etiladi.