Nukus — Chimboy — Taxtako‘pir yo‘lini ta’mirlashga 15 milliard so‘m ajratildi

Nukus — Chimboy — Taxtako‘pir yo‘lini ta’mirlashga 15 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi xabar berdi.
Hozirda umumiy uzunligi 59 kilometr bo‘lgan yo‘lning 17–18-kilometrida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Ishlarga oltita zamonaviy texnika va 13 nafar ishchi jalb qilingan.



«Mazkur ishlar nafaqat transport infratuzilmasini yaxshilash, balki aholining kundalik hayotini yengillashtirish, hududlararo aloqalarni mustahkamlash hamda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 2030-yilgacha ichki yo‘llarining barchasi asfaltlanishini ma’lum qilgandi.
«Bugungi kunda biz 70 foiz loy, tuproq yo‘llarining ayrimini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazdik. Qolgan 30 foizini, umuman, tuproq yo‘llarni ikki yilda shag‘alga o‘tkazamiz va 2030-yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punktining o‘zi qolmaydi», – deydi Mahkamov.
Transport vaziri yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha aniq dastur mavjudligini, ayrim yo‘llar vazirlik balansida bo‘lmasa ham, ushbu yo‘nalishda umumiy tartib va nazoratni amalga oshirishlarini, budjet parametrlariga muvofiq yo‘llarga mablag‘ ajratilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2017-yilgacha ajratilgan mablag‘lardan qariyb 3,5 baravar ko‘p.