Prezident turli soha vakillariga faxriy unvon va davlat mukofotlarini topshirdi

Prezident farmonlari bilan mustaqillik arafasida turli soha vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangandi. Bugun, 27-avgust kuni Toshkent shahrida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.



Davlat rahbari marosimda ishtirok etganlarni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi va so‘nggi yillardagi yutuqlar haqida to‘xtaldi. Unga ko‘ra, o‘tgan sakkiz yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti $115 milliardga yetdi, bu yil esa $130 milliarddan oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, so‘nggi sakkiz yilda 500 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar, yuzlab maktab va bog‘chalar qurildi, aholiga qulay sharoitlar yaratildi. Talabalar soni keskin oshib, oliy ta’limda qamrov 40 foizga chiqdi. 100 mingdan ortiq investitsiya loyihalari ishga tushirildi, millionlab ish o‘rinlari yaratildi.
Prezident so‘zida biznes vakillari va tadbirkorlarning iqtisodiyotdagi o‘rni tobora kuchayayotgani, qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Turizm eksporti uch milliard dollardan oshdi, IT eksporti esa qisqa muddatda yirik ko‘rsatkichlarga erishdi.
Marosimda mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali tarzda topshirildi. Prezident ularni tabriklab, xalqimizga sadoqatli mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning sa’y-harakatlari yuksak qadrlanishini alohida qayd etdi.
Bundan avval davlat rahbari harbiy va huquq-tartibot xodimlari, davlat xizmatchilari, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy soha xodimlarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risida farmonlar qabul qilgandi.