Yangiliklar

Toshkent viloyatining uch tumanida vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati to‘xtatildi

Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari
Foto: Ombudsman idorasi matbuot xizmati

Toshkent viloyatining Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari bir qator kamchiliklar sababli faoliyatini tugatdi. Bu haqda Ombudsman xabar berdi.

Unga ko‘ra, shaxslarni saqlashda sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga zid bo‘lgan Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati Ichki ishlar vazirining 2025-yil 21-iyuldagi buyrug‘i bilan tugatildi.

Shuningdek, iyun oyida o‘tkazilgan monitoring natijasida Quyi Chirchiq tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga ventilyatsiya tizimi va radioeshittirish qurilmasi o‘rnatildi. Kameralar zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Sayr qilish hovlisi hamda sanitariya tarmoqlarida (hojatxona, yuvinish joyi) ta’mirlash ishlari olib borilib, gigiyena talablariga muvofiqlashtirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan jinoyat jarayonida ayrim shaxslarga chiqish huquqini cheklash tartibi belgilangani haqida yozgandi.

Yangi tartibga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan, ammo u O‘zbekistondan chiqib ketib, suddan asossiz ravishda yashirinishi ehtimoli mavjud bo‘lsa, chiqish huquqi vaqtincha cheklanadi.