Yangiliklar

Toshkentda qalbaki «Torpeda» dorivor mahsuloti muomalaga kiritilishi to‘xtatildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkentda qalbaki «Torpeda» dorivor mahsuloti muomalaga kiritilishi to‘xtatildi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Toshkent shahrida qalbaki «Torpeda» nomli dorivor mahsulotlarni sotishga urinishning oldi olindi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh fuqarolar qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular Namangan viloyatidan kelgan noma’lum tarkibli kukunlarni yashirin sexda qadoqlab, «D.I.» MCHJ nomidan ishlab chiqarilgandek qilib ko‘rsatishgan. Mahsulotlarga qalbaki QR-kodlar yopishtirilib, asl dorivor giyoh sifatida tayyorlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, soxta mahsulotning ming donasi 120 mln so‘mga fuqarolarga sotilgan va bu jarayon dalillar bilan tasdiqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlarni, muhr va shtamplarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda qalbaki dori ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etilgan edi.