Andijon va Namanganda bir nechta rahbarlar korrupsiya ustida qo‘lga tushdi

Andijon va Namangan viloyatlarida mansabdor shaxslarning korrupsion faoliyati aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Andijonda Ekologiya boshqarmasi rahbarlaridan biri va Jalaquduq tumani hokimining o‘rinbosari fermer xo‘jaligi rahbaridan noqonuniy ravishda mulk talab qilgani ma’lum bo‘ldi. Ular 4,1 mlrd so‘mlik zarar bo‘yicha sud da’vosini qo‘llab-quvvatlash evaziga, Xonobod shahridagi dala hovlini hokim o‘rinbosarining qarindoshi nomiga o‘tkazishni talab qilishgan.
Tezkor tadbir davomida hokim o‘rinbosarining ukasi ushbu mulkni rasmiylashtirish jarayonida qo‘lga olindi. Unga va boshqarma mansabdoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Yana bir holatda Kadastr agentligi viloyat filialining boshlig‘i fuqaroning ishonchiga kirib, 17 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga $4 ming olganida ushlandi.
Namanganda esa maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri hamda ikki bog‘cha rahbari fuqaroning davlat bog‘chasida lavozim olishini ta’minlash uchun $2,5 ming talab qilgan. Tezkor tadbirda ular qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo va Farg‘onada mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.