«El-yurt umidi» stipendiyasi g‘oliblari e’lon qilindi

«El-yurt umidi» jamg‘armasi 2025-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovi natijalarini e’lon qildi. Bu haqda jamg‘arma rasmiy sahifasida xabar berdi.
Test va suhbat bosqichlarida yuqori ball to‘plagan nomzodlar Jamg‘arma Boshqaruv kengashi qarori bilan «El-yurt umidi stipendiyasi sovrindori» deb e’tirof etildi.
Tanlov g‘oliblariga jamg‘armaning stipendiya dasturiga qabul qilinganligi haqida rasmiy xatlar elektron pochta orqali yuborilgan.
Batafsil ro‘yxat bilan eyuf.uz havolasi orqali tanishishingiz mumkin.
Tanlov doirasida jami 450 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan 130 tasi bakalavriat, 220 tasi magistratura va 100 tasi doktorantura bosqichi uchun mo‘ljallangan. Ajratilgan o‘rinlar STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, matematika), iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari), davlat boshqaruvi, tibbiyot va ta’lim sohalariga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turuvchi oliygohlarga kirgan nomzodlar uchun maxsus imtiyozlar mavjud:
- Top – 100 talikda bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga to‘liq grant asosida qabul qilingan talabalar «El-yurt umidi» stipendiyasini tanlovsiz qo‘lga kiritadi;
- Top – 300 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari uchun stipendiyalar tanlovsiz ajratiladi;
- Top – 20 talikdagi oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat dasturlariga kamida 50% qamrovli grant asosida o‘qishga qabul qilingan prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilari ham tanlovsiz «El-yurt umidi» stipendiyasi bilan ta’minlanadi.