Ford AQShda 500 mingga yaqin avtomobilni qaytarib oladi

Ford Motor kompaniyasi AQShda tormoz tizimidagi nosozlik sabab qariyb 500 ming avtomobilini qaytarib olayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSh Milliy avtomobil xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) xabariga ko‘ra, tormoz tizimidagi shlang yorilishi oqibatida suyuqlik sizib chiqishi mumkin. Bu esa avtomobilning to‘xtash masofasini uzaytirib, yo‘l-transport hodisasi xavfini oshiradi. Kompaniya hozircha ushbu muammo tufayli hech qanday avariya yoki jarohat qayd etilmaganini bildirdi.
Qaytarib olish jarayoni 2015 – 2018-yillarda ishlab chiqarilgan Ford Edge SUV avtomobillarini hamda 2016 – 2018-yillarda ishlab chiqarilgan Lincoln MKX avtomobillarini qamrab oladi. NHTSA ma’lumotiga ko‘ra, qaytarib olinayotgan avtomobillarning taxminan 1 foizida ushbu nuqson mavjud.
Bundan tashqari, Ford boshqa xavfsizlik kamchiliklari sababli ham avtomobillarini qaytarib olmoqda. Jumladan, nosoz orqa chiroqlari tufayli 213 mingdan ortiq mashina va xavfsizlik yostig‘i ochilganda yorilib ketishi mumkinligi bois yana 100 900 avtomobil qaytarib olinmoqda.
Ford avtomobil egalari rasmiy dilerlarga murojaat qilib, avtomobillarining kampaniya doirasiga kirishini aniqlashlari va bepul ta’mirlash xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ford kompaniyasi Bronco Sport modelining yangi versiyasini taqdim etgan edi.