Gadjetlar

Instagram “Odnoklassniki”dagi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda

Profil sahifasida «Maktabni qo‘shish» tugmasi paydo bo‘ladi
Foto: depositphotos.com

Meta kompaniyasi Instagram’da Odnoklassniki’ga o‘xshash yangi imkoniyatni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Kursiv Media nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, endi AQShdagi kollej va universitet talabalariga o‘z profiliga o‘qiyotgan ta’lim muassasasi nomi tushirilgan banner qo‘shish imkoniyati beriladi.

Foydalanuvchi o‘z o‘quv yurti ma’lumotini tasdiqlaganidan so‘ng, u maxsus katalog orqali boshqa talabalarni topishi va ular bilan muloqot qilishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kursdoshlarni bitiruv yili bo‘yicha ham saralash imkoni paydo bo‘ladi. Profil sahifasida «Maktabni qo‘shish» tugmasi paydo bo‘ladi.

Meta vakillarining ta’kidlashicha, bu yangilik talabalar o‘rtasida muloqotni mustahkamlash, qiziqishlarni birgalikda o‘rganish va yangi jamoalar yaratish imkonini beradi.

Ayni paytda funksiyaning AQShda va boshqa davlatlarda qachon ishga tushirilishi haqida aniq sana ma’lum qilinmagan. Agar loyiha ommalashsa, bu yangilik butun dunyo bo‘yicha tatbiq etilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Instagram’da Reels videolarining maksimal davomiyligi uch daqiqagacha uzaytirilgani haqida yozgandi.