
Janubiy Koreya parlamenti maktab sinfxonalarida mobil telefon va boshqa raqamli qurilmalardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qonun yoshlarda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik ortib borayotgani sababli ishlab chiqildi.
“Yoshlarimizning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi hozir jiddiy darajaga yetdi», dedi muxolifatdagi Xalq kuchi partiyasi deputati Cho Jung-hun. “Bolalarimiz har tongda qizarib ketgan ko‘z bilan uyg‘onadi. Ular Instagram’da tungi soat 2-3 gacha o‘tirishadi», — deya ta’kidladi u parlamentda.
Ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvchilarning 37 foizi ijtimoiy tarmoqlar ularning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, 22 foizi esa akkauntiga kira olmasa, xavotir sezishini bildirgan.
Qonun ta’limiy maqsadlar yoki nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun istisno qiladi. Shu bilan birga, ayrim huquq himoyachilari bu taqiqni bolalarning huquqlarini cheklash deb baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya prezidenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash zarurligini ta’kidlagan edi.