Marsda o‘simliklarni changlatishi mumkin bo‘lgan robot-ari yaratildi – video

28-avgust 2025 11:00 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Olimlar ariga o‘xshash yangi robot ishlab chiqdi. Foto: CNN

Massachusets texnologiya instituti (MTI) olimlari yengil, ariga o‘xshash yangi robot ishlab chiqdi. Bu haqda CNN ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, ushbu robot havoda muallaq turishi, hatto ag‘darilib uchishi ham mumkin. Shuningdek, u bir soniyada 400 marta qanot qoqadi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, bu robot-ari kelajakda sun’iy changlatishda katta rol o‘ynashi mumkin. Masalan, Marsda ekin yetishtirilganda hasharotlarni olib borish qiyin bo‘lganligi sababli bunday texnologiya katta yordam beradi.

«Biz arilarning ajoyib harakatlarini takrorlashga harakat qilyapmiz. Agar bir kun Marsda o‘simlik o‘stirilsa, changlatish uchun hasharotlarni olib borishga hojat qolmaydi. Ana shunda bizning robotimiz asqatadi», — deydi MTI tadqiqotchisi Yi-Xsuan.

Loyiha rahbarlaridan biri Kevin Chenning aytishicha, maqsad tabiiy arilarni almashtirish emas, balki hasharotlar yashay olmaydigan joylarda texnologiyadan foydalanishdan iborat. Masalan, ombor-issiqxonalarda yoki ultrabinafsha yorug‘ligi bo‘lgan ekin maydonlarida arilar yashay olmaydi.

Robot-chigirtka ham yaratildi

MTI jamoasi faqat robot-ari bilan cheklanmay, chigirtkaga o‘xshash boshqa bir qurilmani ham sinovdan o‘tkazmoqda. Bu kichik robot 20 sm balandlikka sakrab, o‘t, muz kabi to‘siqlardan oson o‘ta oladi. Olimlarning aytishicha, u uchuvchi robotga qaraganda energiyani samaraliroq ishlatadi.

Bundan avval Xitoy 2028-yilda Marsga uchuvchisiz dron yuborishi ma’lum qilingandi.

U Tianwen-3 missiyasi doirasida qo‘nish platformasidan 100 metrga uchib, hayot izlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan toshlarni yig‘adi. Dron robot qo‘l bilan jihozlanadi va namunalarni keyinchalik Yerga yuborish uchun qaytaradi.

Mars sirtida bur va robot qo‘l yordamida 2 metrgacha qazish ishlari ham olib boriladi. Missiya 2031-yilgacha kamida 500 gramm Mars tuprog‘ini Yerga yetkazishni maqsad qilgan. Olimlar bu orqali hayot izlarini aniqlashga umid qilishmoqda.

Shuningdek