
27-avgust kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Fransiyaning Airbus va ATR kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, O‘zbekiston aviatsiya parkining modernizatsiyasi va yangilanishi masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Bu esa nafaqat transport imkoniyatlarini kengaytiradi, balki mamlakatda turizm o‘sishini rag‘batlantiradi.
Shuningdek, muzokaralarda hududlararo havo qatnovlarini rivojlantirish, ATR samolyotlarini yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq aviatsiya xodimlarini tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshkent – Sharqiy» aeroporti soatiga 100 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi haqida yozgan edik.