O‘zbekiston va AQSh savdo-iqtisodiy aloqalar 15 foizga oshdi

Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda prezidentga Donald Trampning samimiy salomi va O‘zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklari yetkazildi.
Tomonlar strategik sheriklikni chuqurlashtirish, siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Xavfsizlik sohasida terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi hamkorlik samarali davom etayotgani ta’kidlandi.

2024-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash 15 foizga oshdi, qo‘shma loyihalar portfeli esa $11 mlrddan ortdi. Toshkent investitsiya forumida AQShning 100 dan ortiq yirik kompaniyalari ishtirok etdi.
Mineral resurslar, aviatsiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, ta’lim va innovatsiyalar kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, «S5+1» formati doirasida mintaqaviy aloqalarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda xorijiy jurnalist va talabalarga viza muddatini cheklash rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.