
O‘zbekistonda Heritage Hotels of Uzbekistan dasturi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, ayrim madaniy meros obyektlari tadbirkorlarga uzoq muddatli ijaraga berilib, restavratsiya qilinadi va butik-mehmonxonalar sifatida foydalanishga topshiriladi.
Reja bo‘yicha xorijiy moliya institutlari ko‘magida tog‘li hududlarda Chimyon, Omonxona va Nurbuloqda yangi turistik zonalar barpo etiladi. Har bir zona uchun 300 – 500 gektar maydon ajratilib, infratuzilma uchun $150 mln jalb qilinadi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralar oktabr oyigacha yangi mehmonxonalar qurilishi hamda mavjudlarini kengaytirish uchun subsidiya va imtiyozlarni kengaytirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashi lozim. Tadbirkorlar foyda solig‘i, yer va mol-mulk solig‘i, shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklardan foydalanadi.
Butik-mehmonxonalar xalqaro brendlar nomi ostida ham faoliyat yuritishi mumkin. Shu bilan birga, muzey va meros obyektlariga kirish chiptalari raqamlashtirilib, oldindan bron qilish imkoniyati joriy etiladi. Ayrim hududlarda tun-u kun ishlaydigan turistik ko‘chalar ochilib, gastronomiya, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasiga «kechki iqtisodiyot»ni rivojlantirish bo‘yicha strategik hududlar ro‘yxatini tuzish vazifasi yuklatilgan. Bu borada xalqaro tajriba o‘rganilib, «aqlli» avtoturargohlar va tungi dam olish maskanlari barpo etilishi ham kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mustaqillik bayrami munosabati bilan ichki sayohatlarga chegirmalar e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.