O‘zbekistonda Misr bilan hamkorlikda ammofos zavodi quriladi

O‘zbekiston va Misr hamkorligida ammofos ishlab chiqarish zavodi barpo etiladi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Bu borada «O‘zkimyosanoatloyiha» AJ delegatsiyasi Qohirada Misrning yirik Polyserve Group kompaniyasi rahbariyati bilan hamkorlik muzokaralarini olib bordi.
Loyiha o‘g‘it ishlab chiqarish quvvatini oshirish, qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va ekologik samarali texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, ammofos azot va fosforga boy mineral o‘g‘it bo‘lib, o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan ikki asosiy elementni o‘zida mujassam etadi. Uning tarkibida fosfor (46 – 52%) va azot (10 – 12%) mavjud. Ammofos o‘simliklarning ildiz tizimini mustahkamlab, hosilning tezroq pishishiga yordam beradi. U barg va poyalarning o‘sishini tezlashtirib, yashil massasini ko‘paytiradi.
Shuningdek, tuproq unumdorligini tiklash hamda uni uzoq muddat saqlashda muhim o‘rin tutadi. Bu o‘g‘it g‘alla, paxta, sabzavot, poliz va mevali daraxtlar uchun ayniqsa samarali hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yillik 5 ming dona mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yengil yuk avtomobillari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilgan edi. Loyiha qiymati $30 millionni tashkil qiladi.