O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari yetti mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqardi

O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan yil boshidan buyon 7 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Mamlakatda umumiy quvvati 4 582 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh va 4 ta shamol stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ishlab chiqarilgan energiyaning 4,36 mlrd kVt·soati quyosh, 2,64 mlrd kVt·soati shamol stansiyalariga to‘g‘ri keladi.
Natijada 2,1 mlrd kub metr gaz tejaldi hamda atmosferaga chiqadigan 2,94 mln tonnadan ortiq zararli gazlar kamaytirildi.
Shuningdek, yil boshidan bugungi kungacha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari umumiy hisobda 11,9 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqib, mamlakatning umumiy generatsiyasining 21,5 foizini ta’minladi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur hajmdagi energiya 7,4 mln xonadonning 8 oylik yoki 4,9 mln xonadonning yillik iste’molini qoplaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quyosh panellaridan foydalanish hisobiga yil boshidan buyon respublikada 265 mln kub metr tabiiy gaz tejalgani haqida yozgan edik.