
Portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentu O‘zbekistonga uchib keldi. U tez orada O‘zbekiston milliy terma jamoaning bosh murabbiyi sifatida e’lon qilinishi mumkin.
Bentuning so‘nggi manzili BAA terma jamoasi bo‘lgan edi. Ammo BAA JCh–2026 saralash bosqichida muvaffaqiyat qozona olmagach, murabbiy iste’foga chiqarilgan edi.
Shu bilan birga, u murabbiylik faoliyatida «Sporting» va «Olimpiakos» klublarida ishlagan, shuningdek, Portugaliya, Janubiy Koreya jamoalariga ham boshchilik qilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasini vaqtincha boshqarib kelayotgan Timur Kapadze xorijlik hamkasbiga o‘z o‘rnini bo‘shatishi ehtimoldan yiroq emas. Sport OAVlarining yozishicha, 43 yoshli mutaxassis katta tanaffus qilmaydi va tez orada Toshkentning «Paxtakor» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Portugaliyalik mutaxassis Oʻzbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.