
Samsung o‘zining navbatdagi flagmani Galaxy S26 Ultra uchun tanlagan yangi dizayn yo‘nalishi muxlislar orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Dgl nashri xabar berdi.
Kompaniya burchaklarni yanada yumaloqlashtirish orqali ilgari flagmanlarga xos bo‘lgan qat’iyatli va o‘tkir qirralardan voz kechmoqda. Avval Galaxy S25 Ultra’da ham burchaklarning yumaloqlashuvi tanqid ostiga olingan edi. Endi esa S26 Ultra yanada dumaloq shaklda taqdim etilishi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu qaror Samsung’ning vizual identitetiga putur yetkazishi mumkin. Dizaynning iPhone’ga o‘xshashligi kompaniya uchun xavfli: Apple allaqachon AQSh bozorida yetakchilikni qo‘lga olgan, Samsung esa o‘zini raqobatchidan farqlash orqali ustunlikni saqlab qolishi zarur edi. Oddiy xaridor yonma-yon turgan Galaxy va iPhone o‘rtasida sezilarli farqni ko‘rmasa, tanlov ko‘pincha iPhone foydasiga hal bo‘lishi mumkin.
Texnik jihatdan esa Samsung hali ham raqibidan oldinda. iPhone’lar endigina barcha modellarda 120 Hz displeyga o‘tayotgan bo‘lsa, Ultra seriyasida 5000 mA/soat sig‘imli batareyalar allaqachon standartga aylangan. Ammo tashqi ko‘rinishdagi umumiylik kuchaygani sari kompaniya o‘z pozitsiyasini yo‘qotishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 smartfoni haqida yozgan edi.