SpaceX 400-marta raketani dengiz platformasiga qo‘ndirdi

SpaceX Falcon 9 raketasining 400-marta dengizdagi avtonom platformaga qo‘nishini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu voqea 2025-yil 27-avgust kuni Starlink 10-56 missiyasi davomida sodir bo‘ldi.
Raketa Floridadagi Kape Kanaveraldan uchirilgach, oradan 8,5 daqiqa o‘tib Just Read the Instructions platformasiga qo‘ndi. Shu tariqa SpaceX ilk marta 2016-yilda amalga oshirgan tajribasidan to‘qqiz yil o‘tib, texnologiyani mukammallashtirib, uni yuqori darajadagi ishonchlilikka olib chiqdi.
Dengizdagi qo‘nish texnologiyasi
SpaceX bugungi kunda uchta avtonom platformadan foydalanadi: Just Read the Instructions, A Shortfall of Gravitas va Of Course I Still Love You. Ularning barchasi maxsus pozitsiyalash tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, Falcon 9 hamda Falcon Heavy raketalarining birinchi bosqichlarini qayta foydalanish imkonini beradi. Bu kosmik parvozlar narxini keskin arzonlashtiradi. Eng ko‘p qo‘nishlar Of Course I Still Love You platformasida amalga oshirilgan.
Dengizdagi qo‘nish quruqlikdagidan ancha murakkab hisoblanadi. Platformaning harakatlanishi va to‘lqinlar xavfni oshiradi. Biroq SpaceX bu qiyinchiliklarni yengib, jarayonni mukammal ishlaydigan darajaga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Yana bir rekord
Kompaniya joriy yil 13-iyulda yana bir tarixiy natijani qayd etdi: Falcon 9 raketasi 500-marta muvaffaqiyatli uchirildi. O‘sha missiyada Isroilning Dror-1 aloqa sun’iy yo‘ldoshi geostatsionar orbitaga olib chiqildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX Starship raketasi ilk bor muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgani haqida xabar bergan edi.