
Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Talabalar shaharchasidagi banket zali qarzlarni undirish doirasida majburiy auksionga chiqarildi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, uch qavatli bino va qo‘shimcha majmualar joylashgan obyekt 12 sotix yer maydonida barpo etilgan bo‘lib, umumiy maydoni 2994 kvadrat metrni tashkil etadi. Uning 2412 kvadrat metri foydali maydon hisoblanadi. Majmuada banket zali, oshxona, kimyoviy tozalash shahobchasi, atelye va go‘zallik saloni faoliyat yuritib kelgan.







Obyekt Toshkent madaniyat kolleji va Toshkent davlat texnika universitetining neft-gaz fakulteti yaqinida joylashgan. Binoda barcha kommunikatsiyalar — elektr, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud.
Shu bilan birga, lot tarkibida 144 kvadrat metr noqonuniy egallangan yer hamda 261 kvadrat metr qo‘shimcha noqonuniy maydon mavjudligi qayd etilgan. Shuningdek, obyektga uchta bank taqiqi qo‘yilgan.

Boshlang‘ich narx 28 mlrd so‘m etib belgilangan. Savdolar 26-sentabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi, arizalar shu kunning 09:00 gacha qabul qilinadi.
Lot Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil avgustdagi qaroriga asosan savdoga qo‘yilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida taksi xizmatini tashkil etish bo‘yicha lotlar auksionga qo‘yilgani haqida yozgandi.