Telefonni to‘g‘ri zaryadlash: batareya umrini uzaytiruvchi muhim qoidalar

28-avgust 2025 07:40 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Muxbir h.muxtorova@kursiv.media
Telefonni to‘g‘ri zaryadlash: Batareya umrini uzaytiruvchi muhim qoidalar / Foto: Scosche

Bugungi kunda zamonaviy smartfonlar bizning ajralmas yordamchimizga aylangan. Ular orqali aloqa qilamiz, ishlaymiz, o‘yin o‘ynaymiz, suratga olamiz, video tomosha qilamiz va hatto sog‘lig‘imizni kuzatib boramiz. Shunday bo‘lsa-da, ushbu qulayliklarning barchasi bir narsaga bog‘liq — telefon batareyasi. Afsuski, ko‘pchilik oddiy, lekin jiddiy zaryadlash xatolarini takrorlaydi. Natijada telefonning quvvati tezda kamayadi, batareya tez ishdan chiqadi va almashtirishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri zaryadlash odatlarini shakllantirish esa nafaqat qurilmangiz umrini uzaytiradi, balki kundalik foydalanishda ham qulaylik yaratadi.

Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olish mumkin:

Foto: New York Post

Quvvatni 0% qolgunicha ishlatish

Telefon quvvatini 0% gacha tushirib ishlatish litiy-ion batareyalar uchun zararli hisoblanadi. Bunday holatda batareya ichidagi hujayralar chuqur razryadga uchrab, ularning sig‘imi tiklanmas darajada kamayadi. 0% bo‘lganda telefon o‘z-o‘zidan o‘chsa ham, unda oz miqdorda zaryad qoladi, ammo tezda qayta quvvatlamaslik batareyani butunlay ishdan chiqarishi mumkin. Mutaxassislar quvvat darajasi 20% ga yetganda zaryadlashni boshlashni tavsiya etadi. Shu yo‘l bilan batareya umrini bir necha yilga uzaytirish mumkin.

Foto: Mietubl

100% gacha zaryadlash

Telefonni doim 100% gacha quvvatlantirish batareya umrini tezroq qisqartiradi. Litiy-ion batareyalar uchun eng maqbul zaryad oralig‘i 20–80% hisoblanadi. To‘liq quvvatlash batareya ichida issiqlik va kimyoviy bosimni oshirib, sig‘imning pasayishiga olib keladi.

Shu bilan bir qatorda, 100% gacha zaryadlangan telefonni uzoq vaqt tokda qoldirish ham zararli. Agar to‘liq quvvat kerak bo‘lsa, faqat safar yoki uzoq ishlatish oldidan 100% gacha zaryadlash tavsiya etiladi.

Foto: PCMag Middle East

Tuni bilan quvvatlantirish

Tungi quvvatlantirish ko‘plab foydalanuvchilar uchun qulay odat bo‘lsa-da, bu batareya «salomatligi» uchun har doim ham foydali emas. Telefon 100% bo‘lgach ham tarmoqda qolishi «trickle charging» jarayonini uzaytiradi va batareya ichki kimyoviy tuzilmasiga bosim beradi.

Bundan tashqari, tunda telefon qizib ketishi xavfi ortadi, ayniqsa, qopqoq bilan yoki yostiq ostida qolsa. Agar tungi quvvatlantirishdan boshqa iloj bo‘lmasa, «optimized charging» funksiyasini yoqish yoki taymerli adapter ishlatish tavsiya etiladi.

Foto: Digital Trends

Soxta va arzon zaryadlovchilardan foydalanish

Soxta yoki juda arzon zaryadlovchilar odatda sifatli materiallardan tayyorlanmaydi va xavfsizlik standartlariga javob bermaydi. Bunday qurilmalar elektr toki kuchlanishining beqarorligi, ortiqcha qizish yoki qisqa tutashuv kabi xavflarni yuzaga keltirishi mumkin. Natijada telefon batareyasi shikastlanishi, qurilma ishlamay qolishi yoki hatto yong‘in va portlash kabi xavfli holatlar kelib chiqishi ehtimoli yuqori.

Foto: Time Magazine

Qanday qilib asl va soxta zaryadlovchilarni ajratib olish mumkin?

Asl zaryadlovchilarda:

  • korpusning ikki qismi juda silliq va tekis birlashadi, chiziq deyarli sezilmaydi,
  • bo‘shliq yoki notekis joylar bo‘lmaydi,
  • hech qanday elim izi yoki yomon ishlov ko‘rinmaydi.

Soxtalarida esa:

  • korpus chiziqlari notekis yoki ozgina qiyshaygan bo‘lishi mumkin,
  • yelim izi, yoriq yoki bo‘shliq ko‘rinadi,
  • plastikning qirralari qo‘pol ishlangan bo‘ladi.
Foto: Tremhost

Telefon harorati

Telefon harorati uning ishlash sifati va batareya holatiga bevosita ta’sir qiladi. Juda yuqori harorat (45°C dan ortiq) ichki komponentlar, xususan, batareya kimyoviy barqarorligini izdan chiqarishi mumkin, past harorat (-10°C dan past) esa quvvatning vaqtincha kamayishiga olib keladi. Har ikkala holatda ham qurilma ishlashi sustlashadi va uzoq muddatli salbiy oqibatlar paydo bo‘lishi ehtimoli ortadi.

Telefon batareyasi yaxshi ishlashi uchun 15–25°C oralig‘idagi harorat eng qulayi hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchilar odatda 0–35°C oralig‘ini ruxsat etilgan ish diapazoni sifatida belgilashadi. Ammo undan past yoki yuqori harorat batareyaga sekin-asta zarar yetkazishi mumkin. Haddan tashqari qizish (masalan, quyosh ostida qolish yoki og‘ir dasturlarni uzoq ishlatish) yoki sovuqda ishlatish batareya quvvatini tezroq kamaytiradi.

Foto: Unbreakcable

Zaryad paytida telefonni ishlatish

Telefon zaryad olayotganda undan foydalanish mumkin, biroq bu qurilmaning qizishini kuchaytiradi. Ayniqsa, o‘yinlar yoki og‘ir dasturlarni ishga tushirish jarayonida issiqlik darajasi ortib, batareya kimyoviy jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sifatsiz zaryadlovchi yoki issiq muhit esa xavfsizlikka ham xatar tug‘diradi.

Agar zaryad paytida ishlatish zarur bo‘lsa, yengil vazifalar bilan cheklangan ma’qul. Og‘ir yuklama talab qiladigan ilovalarni esa zaryadlash tugagach ishga tushirish — qurilma salomatligi va xavfsizligi uchun maqbulroq hisoblanadi.

Foto: Energea

«Tez zaryadlash» nega kerak

Tez zaryadlash (Fast Charging) qisqa vaqt ichida batareyani tez to‘ldirib, vaqtni tejaydi. PD, QC kabi zamonaviy protokollar tok va kuchlanishni moslab, ortiqcha yuklanishdan himoya qiladi. Mos adapter va kabel ishlatilganda, ishlab chiqaruvchi tavsiya etgan tez zaryadlash batareyaga katta zarar yetkazmaydi.

Biroq tez zaryadlash sabab batareyaning odatdagidan ko‘proq qizishi uning sig‘imi pasaytiradi. Doimiy ravishda faqat tez zaryadlashdan foydalanish batareya umrini yetarlicha qisqartiradi. Shu sababli, vaqt yetarli bo‘lganda oddiy zaryadlash usulidan, shoshilinch paytlarda esa tez zaryadlashdan foydalanish eng maqbul yechim hisoblanadi.

Foto: Amazon

Simsiz zaryadlovchilar

Simsiz zaryadlovchilar (wireless chargers) qulayligi bilan ajralib turadi. Bunda telefonni kabelga ulash shart emas, faqat mos stend yoki pad ustiga qo‘yish kifoya. Ular kabelning tez eskirishini oldini oladi, ish stolida tartibni saqlashga yordam beradi va ba’zan bir nechta qurilmani bir vaqtda zaryadlash imkonini beradi. Zamonaviy simsiz zaryadlovchilar Qi standarti asosida ishlaydi va ortiqcha tok yoki qizishdan himoya tizimlariga ega bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ularning kamchiliklari ham bor: zaryadlash tezligi odatda kabel orqali zaryadlashdan sekinroq, energiya samaradorligi pastroq (10–30% energiya issiqlikka ketadi) va issiqlik ko‘proq hosil bo‘ladi. Bu issiqlik uzoq muddatda batareya sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar simsiz zaryadlovchidan tez-tez va uzoq vaqt foydalansangiz, telefonni ventilyatsiya yaxshi bo‘lgan joyda zaryadlash va 100% ga yetgach uzoq qoldirmaslik tavsiya etiladi.

Power bank va shunga o‘xshash qurilmalar

Power bank, portativ quvvat stansiyalari, quyosh zaryadlovchilar, batareya qoplamlari va avtomobil zaryadlovchilarning foydali tomoni shundaki, ular quvvat manbai bo‘lmagan paytda qurilmangizni ishlashda davom ettiradi, safar va favqulodda holatlarda yordam beradi. Sifatli va sertifikatlangan modellarda ortiqcha tok, qisqa tutashuv, qizishdan himoya kabi xavfsizlik tizimlari bo‘lib, ular batareya va telefoningizni asraydi.

Ammo sifatsiz, kuchlanishi beqaror yoki himoyasiz qurilmalar telefon batareyasiga ortiqcha yuklama berishi, qizishi va hatto ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, batareyani doimiy yuqori tok bilan tez-tez zaryadlash uning umrini qisqartiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq telefon sekin ishlasa, qanday choralar qo‘llash kerakligi haqida yozgan edik.

Shuningdek