“Toshkent-Sharqiy” aeroporti soatiga 100 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi

Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni «Toshkent-Sharqiy» aerodromi negizida qurilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyihaning qurilishi 2017-yilda boshlangan bo‘lib, ayni damda zamonaviy biznes aviatsiya majmuasi sifatida foydalanishga tayyor holga keldi.

561 gektar maydonda joylashgan aeroportda 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, 20 ta havo kemasiga mo‘ljallangan perron, biznes-jetlar va yirik samolyotlar uchun angarlar barpo etildi. Shuningdek, VIP va CIP terminallar bunyod etilib, soatiga 100 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or uskunalar bilan jihozlanib, noqulay ob-havo sharoitida ham uchish-qo‘nishni ta’minlaydi. Yangi majmua Toshkent va Yangi Toshkent uchun muhim transport markaziga aylanib, iqtisodiy aloqalar, ishbilarmonlik safarlari va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mirziyoyev bu aeroport mamlakat obro‘si va iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilishini, Toshkent xalqaro aeroportidagi yuklamani kamaytirishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq «Toshkent-Sharqiy» xalqaro aeroportiga ilk texnik qo‘nish amalga oshirilgan edi.