
Toshkent shahridagi maktablarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha «Toshkent tajribasi» loyihasi boshlandi. Bu haqda shahar hokimligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, endi poytaxtdagi ayrim maktablarda sinf xonalari ta’mirlanadi, robototexnika va VR xonalari tashkil etiladi, fizika, kimyo, biologiya va informatika laboratoriyalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, sport anjomlari, badiiy adabiyotlar va ko‘rgazmali jihozlar xarid qilinadi.
Mazkur loyiha quyidagi maktablarda amalga oshiriladi:
T/p | Tumanlar | Maktab raqami | Tanlangan sinflar soni |
---|---|---|---|
1 | Bektemir tumani | 358 | 5 |
2 | Mirobod tumani | 154 | 5 |
3 | Mirzo Ulug‘bek tumani | 121 | 5 |
4 | Olmazor tumani | 16 | 5 |
5 | Sergeli tumani | 266 | 5 |
6 | Uchtepa tumani | 4 | 5 |
7 | Chilonzor tumani | 200 | 5 |
8 | Shayxontohur tumani | 84 | 5 |
9 | Yunusobod tumani | 88 | 5 |
10 | Yakkasaroy tumani | 73 | 5 |
11 | Yangihayot tumani | 332 | 5 |
12 | Yashnobod tumani | 339 | 5 |
JAMI | 12 ta maktab | 60 ta sinf |
Ushbu maktablarda o‘qituvchilar tanlov asosida saralanadi va ilg‘or metodlar asosida dars o‘tadi. Ularning faoliyati o‘quvchilarni qiziqtirish darajasi hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga qarab baholanadi. Shu mezonlarga asosan qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi.
Xalqaro baholash dasturlari – PISA, TIMSS, PIRLS va STEAM standartlari o‘quv jarayoniga kiritiladi. Maktab o‘quvchilarining ovqatlanishi esa tuman budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Joriy yilning 14-iyun kuni Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi maktablar tarmog‘i kengaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qaror qabul qilgandi. Bunda Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab ushbu yo‘nalishda tayanch maktab etib belgilangan.
Ushbu tayanch maktab va filiallarida ham pedagoglar va o‘quvchilar tanlov qabul qilinib, filiallarda bepul sog‘lom ovqatlantirish xizmati tashkil etilishi belgilangan. Shuningdek, mazkur maktablar zamonaviy jihozlar – HPL panel bilan qoplangan parta va fanerali stullar bilan ta’minlanadi.