Yangiliklar

Yil yakuniga qadar metrolarda kassa operatori lavozimi bekor qilinadi

Bugungi kunga qadar 204 ta kassa operatori shtati normativ hujjatlar asosida tugatilgan
Yil yakuniga qadar kassa operatori lavozimi bekor qilinadi. Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

Joriy yil yakuniga qadar barcha bekatlarda bankomatlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng kassa operatori hamda katta operator lavozimlari butunlay bekor qilinadi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.

Unga ko‘ra, hozirda yopilgan kassalardagi operator lavozimlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Birinchi bosqich doirasida 204 ta kassa operatori shtati normativ hujjatlar asosida tugatilgan.

Metropoliten ma’muriyati lavozimi qisqartirilayotgan xodimlarga kasb-hunar o‘quv kurslarida qatnashishni taklif etishini ma’lum qildi. Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va boshqa yo‘nalishlarni tanlashi mumkin. Kurslar uchun to‘lov korxona tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

Mazkur tashabbus qisqartirish jarayonida bo‘lgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga yangi kasb orqali barqaror daromad manbaini yaratish maqsadida amalga oshiriladi.

Bugungi kunda Toshkent metropolitenida yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turlari joriy etilgan. Shuningdek, bekatlarda chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilmoqda.

Bundan avval Rossiyaning MTS kompaniyasiga qarashli shuba korxona Toshkent metrosida yuz orqali to‘lov xizmatini joriy etgandi.

Ushbu tizim Click va ATTO bilan hamkorlikda joriy etilgan. Hozirda xizmat metro stansiyalarining 75 foizida ishlamoqda. Tez orada bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.