
Kia kompaniyasi yangilangan Kia Stonic krossoverini taqdim etdi. Bu haqda «Avtonovostidnya» nashri xabar berdi.
Restayling model nafaqat tashqi va ichki ko‘rinishda, balki texnik qismida ham qator o‘zgarishlarga ega bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchi ta’kidlaganidek, yangi Stonic o‘z segmentida yangi standartlarni belgilashga qaratilgan.





Yangilangan Stonic uzunligi 4165 mm, eni 1760 mm, balandligi 1520 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2580 mmni tashkil etadi. Yo‘l balandligi komplektatsiyaga qarab farqlanadi: oddiy versiyada 165 mm, sport uslubidagi GT-Line’da esa 183 mm.
Kuzovda o‘zgarishlar old bamper va radiator panjarasi, shuningdek, orqa chiroqlar va yukxona eshigi dizaynida ko‘zga tashlanadi. Model uchun 16 va 17 dyuymli disklar taklif etiladi.
Salon qismida katta yangiliklar bor: 12,3 dyuymli raqamli panel va xuddi shunday hajmdagi markaziy displey bitta blokda joylashtirilgan. Shuningdek, yangi rul, uzatmalar qutisi richagi, USB Type-C portlari, smartfonlar uchun simsiz quvvatlash platformasi va atmosfera yoritgichi o‘rnatilgan. Avval faqat qimmat krossoverlarda qo‘llanilgan bu imkoniyatlar endi Stonic’da ham mavjud bo‘ladi.

Texnik jihatdan mashina ikkita dvigatel bilan taqdim etiladi: 1,0 litrli T-GDI benzinli motor va shu asosda yaratilgan «yengil gibrid». Transmissiya variantlari esa 6 pog‘onali mexanika yoki 7 pog‘onali robot (DCT)dan iborat.

Kompaniya hozircha yangilangan Kia Stonic’ning narxi va savdoga chiqarilish sanasini oshkor qilgani yo‘q. Shu bilan birga, Kia yaqinda Rossiya bozoriga boshqa bir arzon krossover — Kia Sonetni ham olib keldi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston sharoitida oilaviy foydalanish uchun 5 ta eng yaxshi avtomobil haqida yozgandi.