Prezident Toshkentda «Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plus muloqoti»ni o‘tkazishni taklif qildi

Bugun, 1-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti ShHT plus formatidagi yig‘ilishida ham nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev bugungi notinch xalqaro sharoitda ShHT barqaror va adolatli jahon tartibini ta’minlashning ishonchli tayanchiga aylanayotganini ta’kidladi. Sammit Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga to‘g‘ri kelgani tinchlikni asrash va mustahkamlash zarurligini eslatib turuvchi ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Prezident Falastin – Isroil mojarosini «ikki xalq – ikki davlat» tamoyili asosida hal etish zarurligini bildirar ekan, G‘azo sektoridagi vaziyatning keskinlashgani chuqur tashvish uyg‘otayotganini aytdi.
Nutq davomida davlat rahbari ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha qator takliflar ilgari surdi. Jumladan, Toshkentda «Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plus muloqoti»ni o‘tkazish, Afg‘oniston bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish va uning iqtisodiyotini tiklash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, shuningdek, ShHT Invest investitsiya forumini o‘tkazish tashabbuslarini ilgari surdi.
Transport yo‘nalishlari masalasida Prezident Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasining alohida ahamiyatini ta’kidladi va kelgusida bu yo‘lning Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lanishi ShHT makonida yagona transport tarmog‘ini shakllantirishini qayd etdi.
Yana bir muhim yo‘nalish sifatida sun’iy intellekt, robototexnika va muqobil energetika kabi sohalarda innovatsion hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini tashkil etish orqali madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ShHT plus formatidagi sammit natijalari barqarorlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish va barcha davlatlarning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida nutq so‘zlagani haqida yozgandi.