Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida nutq so‘zladi

eʼlon qilindi
Davlat rahbari bir qancha takliflarni ilgari surdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 1-sentabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tkazilayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashi majlisida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari avvalo Xitoy Raisi Si Szinpinga sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan barcha ishtirokchilarni tabrikladi.

Xavfsizlik masalalari

Prezident ShHT davlatlari birdamligi mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning kaliti ekanini ta’kidladi. U:

  • Yadro xavfsizligi bo‘yicha umumiy deklaratsiya qabul qilish,
  • Terrorizm, kiberjinoyatlar va narkotiklarga qarshi kurashni kuchaytirish,
  • ShHT – Afg‘oniston muloqot guruhini qayta tiklash zarurligini ilgari surdi.

Iqtisodiy hamkorlik

Mirziyoyev sammit doirasida iqtisodiy integratsiyani kengaytirishga alohida urg‘u berdi. U quyidagi tashabbuslarni taklif qildi:

  • Savdoni soddalashtirish bo‘yicha bitim imzolash,
  • Strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish,
  • SHHT Energetika konsorsiumi va maxsus elektron investitsiya portalini yaratish,
  • Transport yo‘laklarini kengaytirish hamda «ShHT yagona transport makoni»ni «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusi bilan bog‘lash.

«Yashil» rivojlanish va madaniy aloqalar

Davlat rahbari «yashil¼ transformatsiya yo‘nalishidagi hamkorlikni kuchaytirish, ekologik xavf-xatarlarni oldindan aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, u madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida:

  • ShHT universiteti onlayn kampusi,
  • Xalqaro ijodiy festival va yoshlar olimpiadalari,
  • «Sayyohlik yo‘lagi» va tibbiyot turizmi alyansini yaratish taklifini berdi.

Prezident ShHTni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi va Tyanszin deklaratsiyasi tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident ShHT sammiti doirasidagi tadbirlarda ishtirok etgani haqida yozgandi.

Shuningdek